O‘zbekiston Prezidenti Jahon banki vitse-prezidentini qabul qildi

User Rating: 0 / 5

Star InactiveStar InactiveStar InactiveStar InactiveStar Inactive
 

13.07.18

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13 iyul kuni Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti Siril Myuller boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. 

Davlatimiz rahbari mehmonlarni samimiy qutlar ekan, O‘zbekiston va Jahon banki guruhi o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlari jadal rivojlanayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi. 

Joriy yilda ushbu nufuzli xalqaro moliyaviy institut rahbariyati bilan o‘tkazilgan qator samarali uchrashuvlar, jumladan, may oyida bank prezidenti Jim Yong Kim bilan Vashingtonda, yanvar oyida bosh boshqaruvchi direktor Kristalina Georgiyeva bilan Toshkentdagi uchrashuvlar aloqalarni faollashtirish va o‘zaro munosabatlarning yangi yo‘nalishlarini belgilash, shuningdek, O‘zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan istiqbolli loyihalar va dasturlarni amalga oshirishga xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi. 

Bugungi kunda mamlakatimizning Jahon banki bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik portfeli umumiy qiymati 4,4 milliard dollarlik imtiyozli moliyalashtirish evaziga amalga oshirilgan va oshirilayotgan 39 ta loyihani o‘z ichiga oladi. 

Ular energetika, transport va kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish, ilg‘or va energetik jihatdan samarali texnologiyalarni joriy etish, agrosanoat kompleksini jadal rivojlantirish, suv resurslarini samarali boshqarish, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlarini takomillashtirish kabi ko‘plab ustuvor sohalarni qamrab oladi. 

Hozirgi vaqtda 2020 yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan Sheriklik dasturi doirasida 20 dan ziyod yangi loyihalar ham ko‘rib chiqilmoqda. 

Bundan tashqari, bankning yetakchi ekspertlari O‘zbekiston soliq tizimini isloh qilish konsepsiyasini ishlab chiqish jarayonida faol ishtirok etdi. Qo‘shma Iqtisodiy kengashni shakllantirish bo‘yicha ish olib borilmoqda. 

Uchrashuvda O‘zbekiston va Jahon banki o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Jumladan, “Yo‘l xaritasi”ni tayyorlash, milliy kadrlar malakasini oshirish asosida sarmoyaviy loyihalarning sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi. 

Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi, fuqarolik aviatsiyasi va qayta tiklanadigan energetika sohalarida, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida salmoqli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish borasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash muhimligi qayd etildi. 

Siril Myuller davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirib, Jahon banki prezidenti Jim Yong Kimning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi. 

Amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohot va o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, mamlakatimiz va butun mintaqaning barqaror taraqqiyotini ta’minlash maqsadida bank O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekani yana bir bor qayd etildi. 

 
 
Xatolik topdingizmi? Matnni belgilab Ctrl+Enter tugmalarini bosing.